Jismoniy shaxslar uchun Tovarlarni sotish shartlari

Mundarija

Ozon.uz da jismoniy shaxslar uchun tovarlarni sotish shartlari

PDF formatida yuklab olish

Verifikatsiya jarayonidan o‘tish va ozon.uz saytida buyurtmalarni rasmiylashtirish bilan Mijoz quyida bayon etilgan Jismoniy shaxslar uchun tovarlarni sotish shartlariga (Shartlar) rozilik bildiradi.

Shartlar Mijoz (siz), “OMKOZB” MChJ XK (Ozon) va ozon.uz saytida Buyurtmalarni rasmiylashtirish va bajarish bilan bog‘liq paydo bo‘lgan Sotuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Iltimos, Buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin Shartlarni diqqat bilan o‘qing. Agar Shartlarning biron bir bandiga rozi bo‘lmasangiz, Buyurtmani rasmiylashtirishni bekor qilishingiz mumkin.

Shartlarda bosh harf bilan ko‘rsatilgan tushunchalar mavjud. Ularning ta’riflarini Shartlarning oxiridan topasiz.

Shartlarda Sayt sahifalariga faol giperhavolalarni o‘z ichiga olgan bandlar mavjud bo‘lib, ular Shartlarning ajralmas qismi hisoblanadi.

Shartlar Saytda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va cheksiz muddatga amal qiladi.

Ozon istalgan vaqtda Shartlarni bir tomonlama maxsus ogohlantirishsiz o‘z xohishiga ko‘ra o‘zgartirishi mumkin. O‘zgartirishlar yangilangan tahrir Saytning “Ozon xizmatlaridan foydalanish shartlari va rekvizitlar” bo‘limida joylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.

1. Buyurtmani qanday rasmiylashtirish kerak

1.1. Telefon raqami bo‘yicha verifikatsiya qilish

1.1.1. Verifikatsiya Ozon ID’dan foydalanish shartlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

1.1.2. Mijoz login va parolni, telefon raqamini va individual kodlarni uchinchi shaxslarga ma’lum qilmaslik majburiyatini oladi. Mijozda ma’lumotlarining xavfsizligiga yoki ular uchinchi shaxslar tomonidan ruxsatsiz foydalanishi boʻyicha shubha tug‘ilsa, Mijoz bu haqda darhol Ozon’ga Shaxsiy kabinetdagi Ozon yoki Sotuvchi bilan chat orqali xabar berishi shart.

1.1.3. Verifikatsiyadan o‘tish orqali Mijoz elektron pochta manziliga (agar Shaxsiy kabinetda ko‘rsatgan bo‘lsa)/Mijoz ro‘yxatdan oʻtish va/yoki Buyurtmani rasmiylashtirish paytida Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan telefon raqamiga sms-xabarlar/push-bildirishnomalar/ilovalar/messenjerlar/yoki boshqa usullar orqali Buyurtma holati, yetkazib berish shartlari, Mijoz savatchasidagi tovarlar va/yoki Mijoz tomonidan “Sevimlilar” ro‘yxatiga qo‘shilgan tovarlar haqida, shuningdek, sharh qoldirish so‘rovlari bilan servis xarakteridagi xabarlarni bir vaqtda yoki alohida olishga rozilik bildiradi.

Texnik sabablarga koʻra Mijozning ko‘rsatib o‘tilgan xabarlardan voz kechishi mumkin emas.

1.1.4. Ozon Mijozga reklama xarakteridagi xabarlarni Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan telefon raqami yoki elektron pochta manziliga SMS va/yoki push-bildirishnomalar shaklida va/yoki smartfonlar uchun ilovalar va/yoki messenjerlar va/yoki telefon qo‘ng‘iroqlari va/yoki boshqa usulda Mijoz reklama xarakteridagi xabarlarni olishga rozilik bildirgan taqdirda yuborishi mumkin.

1.2. Shartnoma tuzish

1.2.1. Ushbu Shartlar, shuningdek Saytda taqdim etilgan Tovar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, O‘zbekiston Respublikasi FKning 369 va 426-moddalariga muvofiq Ommaviy oferta hisoblanadi.

1.2.2. Mijoz tanlangan Tovarlarni sotish shartlariga Saytda Buyurtmani rasmiylashtirishning oxirgi bosqichida “Onlayn to‘lov qilish”/“Buyurtmani rasmiylashtirish” tugmasini bosish orqali rozilik bildiradi.

Ushbu harakatlarning bajarilishi Mijoz va Sotuvchi o‘rtasida shartnoma tuzilganini tasdiqlovchi fakt hisoblanadi.

Buyurtma oldindan to‘lov (kelajakdagi bitim hisobiga avans) shartlari asosida rasmiylashtirilgan taqdirda, agar oldindan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng 24 soat ichida Mijoz Tovarni topshirish imkoni yo‘qligi to‘g‘risida bildirishnomani olmasa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

1.2.3. Aksiyalar, tanlovlar va boshqa rag‘batlantiruvchi tadbirlar qoidalarida Buyurtmani rasmiylashtirish va Tovarni qaytarishning boshqacha tartibi belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirda ishtirok etishi Mijozning ushbu tartibga roziligini anglatadi.

1.3. Buyurtmani rasmiylashtirish

1.3.1. Mijoz Saytda yoki mobil ilovada Buyurtmani mustaqil ravishda rasmiylashtiradi.

Batafsil bu yerda.

1.3.2. Mijoz Tovar sahifasida Sotuvchilardan birining taklifini tanlaydi.

1.3.3. Tovarlar to‘g‘risidagi axborot materiallari ma’lumotnoma xususiyatiga ega bo‘lib, Tovarning xususiyatlari va tavsiflari, jumladan, uning rangi, o‘lchami va shakli to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni to‘liq aks ettira olmaydi.

Buyurtma berishdan oldin Tovar xususiyatlari va tavsiflari bo‘yicha savollar tug‘ilsa, Mijoz Ozon’ga yoki Sotuvchiga murojaat qilishi lozim.

1.3.4. Mijoz quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatadi:

(a) Mijozning yoki Buyurtmani qabul qiluvchining F.I.O. va telefon raqami;

(b) Buyurtmani yetkazib berish manzili.

1.3.5. Buyurtmani yetkazib berish kutilayotgan sana — Mijoz Buyurtmani qabul qilib olishi mumkin bo‘lgan muddat. Yetkazib berish sanasi Tovarlarning Sotuvchi Omborida mavjudligiga, Buyurtmaga ishlov berish uchun zarur vaqtga va tanlangan Yetkazib berish xizmatining yetkazib berish muddatlariga bog‘liq bo‘lib, bevosita Ozonga bog‘liq emas.

Buyurtmani qayta ishlash va rasmiylashtirilgan Buyurtma bo‘yicha Mijozning harakatlari haqida batafsil ma’lumot bu yerda.

1.3.6. Agar qonunchilik talablariga muvofiq Tovarni Mijozga topshirishdan oldin uning ishga yaroqliligini tekshirish zarur bo‘lsa, bunday tekshiruv Tovar Yetkazib berish xizmatiga topshirilgunga qadar Sotuvchining Omborida amalga oshiriladi.

1.3.7. Buyurtmaning joriy maqomi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Shaxsiy kabinetga joylashtiriladi.

1.4. Buyurtmani bekor qilish

1.4.1. Mijoz xarid qilish haqidagi qarorini o‘zgartirishga va buyurtma qilingan Tovarni qabul qilib olguniga qadar istalgan vaqtda undan voz kechishga, shuningdek, Buyurtmadagi Tovarlardan ularni qabul qilib olish vaqtida to‘liq yoki qisman voz kechishga haqli, quyidagi hollar bundan mustasno:

  • Tovarni xalqaro pochta jo‘natmasi orqali yetkazib berishda uni qabul qilib olgunga qadar va qabul qilib olish vaqtida undan to‘liq voz kechib bo‘lmaydi;

Tovar xalqaro pochta jo‘natmasi orqali yetkazib berilganda uni qabul qilib olgunga qadar va qabul qilib olish vaqtida ham, shuningdek buyurtma yetkazib berishga topshirilgandan so‘ng (agar Tovar Ozon tomonidan yetkazib berilmayotgan bo‘lsa) undan qisman voz kechib bo‘lmaydi.

Mijoz har qanday holatda faqat ushbu Mijoz foydalanishi mumkin bo‘lgan, individual xususiyatlarga ega Tovardan voz kechishga haqli emas.

1.4.2. Buyurtma oldindan to‘langan bo‘lsa, Buyurtmani olguniga qadar yoki Mijozga topshirish vaqtida to‘liq yoki qisman bekor qilinganda, Tovar va yetkazib berish uchun toʻlangan pul mablagʻlarni qaytarish shartlari:

(a) Agar Buyurtma bank kartasi orqali to‘langan bo‘lsa, pul mablag‘lari to‘lov amalga oshirilgan kartaga qaytariladi.

(b) ayrim hollarda, Buyurtma uchun oldindan toʻlov qaytarilgandan soʻng avtomatik ravishda Mijozning Balansida aks etadi. Balansda qarzdorlikning aks etish tartibi haqidagi batafsil ma’lumot havola orqali mavjud.

1.4.3. Agar Mijoz Buyurtmani bitta Tovardan 10 donadan ortiq miqdorda rasmiylashtirgan bo‘lsa va Sotuvchi omborida kerakli miqdordagi tovar mavjud bo‘lmasa, sotuvchi bu haqda Mijozga xabar yuboradi.

Mijoz sotuvchida mavjud bo‘lgan miqdordagi Tovarni qabul qilishga rozilik bildirishga yoki ushbu Tovarni Buyurtmadan o‘chirib tashlashga haqlidir.

Agar Mijoz 14 kun ichida javob bermasa, Sotuvchi ushbu Tovarni Buyurtmadan olib tashlash huquqini o‘zida saqlab qoladi.

2. To‘lov

2.1. Tovar narxi va to‘lov muddatlari

2.1.1. Tovar narxi Saytda so‘mda ko‘rsatiladi va Buyurtma rasmiylashtirilgunga qadar Sotuvchi tomonidan bir tomonlama tartibda o‘zgartirilishi mumkin. Buyurtmadagi Tovar Buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida “Onlayn to‘lash”/“Buyurtma berish” tugmasini bosish paytida ko‘rsatilgan narx bo‘yicha to‘lanadi.

Tovarlar uchun toʻlov soʻmda amalga oshiriladi.

Mijoz tomonidan buyurtma qilingan va to‘lovi amalga oshirilgan Tovarning narxi o‘zgartirilmaydi. Sotuvchi yoki Ozon Tovarga chegirmalar taqdim etishga haqli.

Tovar narxi Sotuvchi va/yoki Ozon tomonidan Tovarning Mijozga sotilishi munosabati bilan to‘lanishi kerak bo‘lgan amaldagi soliqlarni o‘z ichiga oladi.

2.1.2. Tovar uchun to‘lov usullari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Kelishilgan to‘lov usuli Mijoz Buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida mavjud usullar orasidan tanlangan toʻlov usuli hisoblanadi.

2.1.3. Buyurtma uchun to‘lov shaxsiy kabinetdagi buyurtmada ko‘rsatilgan muddat ichida amalga oshirilishi kerak, aks holda sotuvchi Tovarning mavjudligini kafolatlamaydi. Shartnoma bu holatda tuzilmagan deb hisoblanadi.

2.1.4. Barcha hollarda kassa cheklari Shaxsiy kabinetning “Elektron cheklar” bo‘limiga yuboriladi va bosma shaklda taqdim etilmaydi.

Ozonning elektron chekni taqdim etish bo‘yicha majburiyati chek Mijozning abonent raqamiga biriktirilgan Shaxsiy kabinetga yuborilgan paytdan e’tiboran bajarilgan hisoblanadi.

Agar Mijoz Buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida elektron chekni (yoki uni PDF formatida yuklab olish imkonini beruvchi havolani) elektron pochta manziliga yuborish kerakligini ko‘rsatib, o‘z manzilini taqdim etgan bo‘lsa, u holda elektron shakldagi kassa cheki (yoki tegishli havola) Mijoz tomonidan ko‘rsatilgan manzilga yuboriladi.

Har qanday holatda, Mijoz elektron cheklarni Saytdagi yoki mobil ilovadagi Shaxsiy kabinetning “Elektron cheklar” bo‘limidan yuklab olishi mumkin.

2.1.5. Buyurtma narxiga import bojxona to‘lovlari kiritilmagan. Agar bunday to‘lovlarni toʻlash talab etilsa, Mijoz ularni mustaqil ravishda to‘laydi. Bunday to‘lovlarning shartlari va miqdori O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

Bojxona qoidalari haqida batafsil ma’lumot bu yerda tanishishingiz mumkin.

2.1.6. Chegirmalar va ballarning turlari, ularni hisoblash tartibi va shartlari Saytda ko‘rsatilgan va Ozon tomonidan bir tomonlama tartibda o‘zgartirilishi mumkin.

2.1.7. Saytda Tovar (shu jumladan, aksiya yoki chegirmalar amal qiladigan Tovarlar uchun) narxini ko‘rsatishda texnik sabablarga ko‘ra xatoliklar yuzaga kelishi mumkin.

Mijoz buyurtma qilgan Tovarga nisbatan bunday xatolik yuzaga kelgan taqdirda Ozon bu haqda Mijozni xabardor qiladi.

Tovar narxi yuzasidan shubha tug‘ilganda, Mijoz Shaxsiy kabinetdagi Ozon yoki Sotuvchi bilan chat orqali ma’lumotga aniqlik kiritishi mumkin.

2.2. Bank kartalari, shuningdek bank kartalariga bog‘langan elektron to‘lov vositalari yordamida to‘lash

2.2.1. Bank kartalari orqali operatsiyalar karta egasi yoki qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida vakolat berilgan shaxs tomonidan bajariladi.

2.2.2. Bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni avtorizatsiya qilish bank tomonidan amalga oshiriladi. Agar bankda operatsiya firibgarlik xususiyatiga ega deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, bank ushbu operatsiyani amalga oshirishni rad etish huquqiga ega.

Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi taʼsir doirasiga kiradi va jinoyat qonunchiligiga muvofiq jazolanadi.

To‘lov vaqtida bank kartalaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida, oldindan to‘langan barcha Buyurtmalar Ozon tomonidan tekshiriladi.

Ozon sabablarini tushuntirmasdan Buyurtmani bekor qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Buyurtma qiymati egasining bank kartasiga qaytariladi.

3. Yetkazib berish

3.1. Yetkazib berishni Ozon yoki Sotuvchi o‘zi yoxud Yetkazib berish xizmati amalga oshiradi. Qabul qiluvchining manziliga yetkazib berish imkoniyati Buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida aniqlanadi. Yetkazib berish usullari bu yerda ko‘rsatilgan.

Mijoz tomonidan Buyurtmani rasmiylashtirishda mavjud usullar orasidan tanlangan usul kelishilgan yetkazib berish usuli hisoblanadi. Agar yetkazib berish Sotuvchi yoki Yetkazib berish xizmati tomonidan amalga oshirilsa, Ozon bunday yetkazib berishni tashkil qilish uchun Mijoz yoki Buyurtma Oluvchisining aloqa ma’lumotlarini ularga uzatadi.

Mijozning topshirig‘iga ko‘ra va uning nomidan Ozon tomonidan jalb qilingan Yetkazib berish xizmati orqali yetkazib berish amalga oshirilganda, Ozon Yetkazib berish xizmatini topish (servis ishi) xizmati uchun haq undirishga haqli.

Xizmat narxi Buyurtmani rasmiylashtirish bosqichida ko‘rsatiladi.

Mijoz yoki Buyurtma Oluvchisining aloqa ma’lumotlari maxfiyligi va xavfsizligini oshirish uchun Ozon buyurtmani rasmiylashtirishda ko‘rsatilgan telefon raqamini yashirishi va uning o‘rniga Sotuvchi va/yoki Yetkazib berish xizmatiga Ozonning maxsus ajratilgan telefon raqamini taqdim etishi mumkin.

Mijoz Sotuvchi va/yoki Yetkazib berish xizmatidan Mijoz yoki Buyurtma Oluvchisiga qilinadigan barcha qo‘ng‘iroqlar Ozonning maxsus ajratilgan telefon raqamidan Buyurtmani rasmiylashtirishda ko‘rsatilgan telefon raqamiga qayta yo‘naltirilishiga rozilik bildiradi.

Saytdan foydalanish, shuningdek, Buyurtmalarni rasmiylashtirish va bajarish sifatini nazorat qilish maqsadida Ozon ushbu bandda ko‘rsatilgan qo‘ng‘iroqlarni, shuningdek, Mijoz yoki Buyurtma Oluvchisi va Ozon o‘rtasidagi qo‘ng‘iroqlarni yozib olishi mumkin.

3.2. Ayrim turdagi Tovarlarni yetkazib berish hududi cheklangan.

3.3. Har bir Buyurtmaning yetkazib berish narxi uning vazni, hududi, yetkazib berish va to‘lov usulidan kelib chiqqan holda alohida hisoblanadi hamda Saytda Buyurtmani rasmiylashtirishning so‘nggi bosqichida ko‘rsatiladi.

3.4. Mijozga Buyurtmani qabul qilib olish uchun ajratilgan muddatlar cheklangan va ular Buyurtmani rasmiylashtirishda tegishli yetkazib berish usulini tanlash bosqichida, shuningdek, Yetkazib berish (saqlash muddatlari) bo‘limida ko‘rsatiladi.

Buyurtmaning saqlash muddati davomida olinmaganligi Mijozning oldi-sotdi shartnomasidan voz kechganligi deb hisoblanadi va Buyurtmani bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

3.5. Buyurtmani topshirish vaqtida Mijoz Buyurtmani yetkazib berayotgan shaxs ishtirokida Tovarlarning tashqi ko‘rinishi, qadogʻi, soni, butligi va assortimentini tekshirishi kerak.

Buyurtma barcha yetkazib berish usullari bilan topshirilgandan so‘ng, Tovarning butligi, assortimenti, soni va tashqi ko‘rinishi bo‘yicha shikoyatlar qabul qilinmaydi.

3.6. Buyurtmani topshirishda Buyurtmani yetkazib berayotgan shaxs qabul qiluvchidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni talab qilishga haqli, qabul qiluvchi esa quyidagi hollarda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart:

  • firibgarlik holatlarining oldini olish, shuningdek, oldindan to‘langan Buyurtmani topshirishda zimmasiga olingan majburiyatlarni bajarish uchun;

  • yosh cheklovlari mavjud bo‘lgan tovarlarni o‘z ichiga olgan Buyurtmani topshirishda.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan yoki qabul qiluvchining yoshi mos kelmaganda, Tovar qabul qiluvchiga berilmaydi, biroq yetkazib berish xizmati ko‘rsatilgan deb hisoblanadi.

3.7. Tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfini o‘tkazish.

3.7.1. Tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi Buyurtma unga topshirilgan paytdan boshlab qabul qiluvchi zimmasiga o‘tadi. Agar Tovar yuqorida ko‘rsatilgan vaqtgacha yo‘qolsa, Sotuvchi yoki Yetkazib berish xizmati tomonidan Tovarning yo‘qolganligi tasdiqlanganidan keyin, Mijozga oldindan to‘langan Tovar qiymati va uni yetkazib berish xarajati qoplab beriladi.

3.7.2. Mijoz tomonidan Xalqaro pochta jo‘natmalarini yetkazib berish xizmati sifatida pochta tashkiloti tanlaganda, Tovarlarni yetkazib berish xizmatiga topshirishgacha Tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi to‘liq hajmda Sotuvchining zimmasida bo‘ladi.

Tovar ko‘rsatilgan Yetkazib berish xizmatiga topshirilgandan so‘ng, Sotuvchining javobgarligi 2008-yil 12-avgustdagi Butunjahon pochta konvensiyasida belgilangan doirada aniqlanadi.

3.7.3. Mijoz ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan xalqaro pochta jo‘natmalari orqali yetkazib berishni tanlagan taqdirda, Tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi Tovar Yetkazib berish xizmatiga topshirilgunga qadar to‘liq hajmda Sotuvchining zimmasida bo‘ladi.

Tovar Yetkazib berish xizmatiga topshirilgandan so‘ng, Tovarning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi Mijozning zimmasida bo‘ladi, chunki ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan jo‘natmalar bo‘yicha Yetkazib berish xizmatidan Tovarning yo‘qolganligi haqida tasdiqnoma olishning imkoni yo‘q.

Mijoz ko‘rsatilgan cheklovlarsiz xalqaro pochta jo‘natmalarini yetkazib berishning boshqa usullarini tanlashi mumkin.

3.8. Buyurtmaga biror-bir obyektlarni kiritishni nazarda tutgan marketing tadbirlari o‘tkazishda, ushbu kiritmlar Tovar bilan birga yetkazib beriladi.

Kiritmadan voz kechish uchun Mijoz Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi kerak.

Ko‘rsatilgan kiritmalar hadya hisoblanadi va qaytarib berilmaydi yoki almashtirilmaydi, shu jumladan pul mablag‘lariga ham.

4. Ayrim turdagi Tovarlarni sotish xususiyatlari

4.1. Arzonlashtirilgan tovarlar

4.1.1. Sotuvchi nuqsonlari bo‘lgan Tovarni sotishni taklif qilish huquqiga ega, bunday nuqsonlar Saytdagi Tovar tavsifida ko‘rsatiladi.

4.1.2. Arzonlashtirilgan to‘plamdagi Tovarlar soni yangi to‘plamdagi birliklar sonidan farq qilishi mumkin. Arzonlashtirilgan tovar tavsifida to‘plam narxini tushirish, shuningdek, uning haqiqiy tovar birliklarining haqiqiy soni ko‘rsatiladi.

4.1.3. Agar Sotuvchi Tovarni sotish vaqtida aytib o‘tmagan nuqsonlar aniqlangan taqdirda, Mijoz nuqsonlar Tovar topshirilgunga qadar paydo bo‘lganini yoki topshirilgunga qadar yuzaga kelgan sabablarga ko‘ra paydo bo‘lganini isbotlasa, Mijoz nuqsonlarni bepul bartaraf etish yoki Shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.

4.2. Sotuvchilar tomonidan chet eldan yetkazib beriladigan Tovarlar

4.2.1. Chet eldan yetkazib beriladigan Tovarlarga Buyurtma rasmiylashtirilgan taqdirda, Mijoz, Ozon va Sotuvchi o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarga, shu jumladan, Xorijdan yetkazib beriladigan tovarlarni sotish shartlari bo‘limi qoidalari ham qo‘llaniladi.

4.2.2. “Internet resheniya” MChJ (ro‘yxatdan o‘tgan raqami 1027739244741, ro‘yxatdan o‘tgan manzili: 123112, Rossiya Federatsiyasi, Moskva sh., Presnenskaya nab., 10-uy, I-bino, 41-qavat, 6-xona) O‘zbekiston chegarasidan tashqaridan Tovarlarni yetkazib berishda ishtirok etadigan Yetkazib berish xizmatlarini mustaqil ravishda va o‘z nomidan jalb qiladi, shuningdek, quyidagi shartlar asosida Buyurtmani qabul qiluvchilarning qo‘shimcha shaxsiy ma’lumotlarini yig‘adi va qayta ishlaydi.

O‘zbekistondan tashqaridan yetkazib beriladigan Tovarlarga Buyurtma rasmiylashtirilgan taqdirda, Mijoz Buyurtma Oluvchisining qo‘shimcha shaxsiy ma’lumotlarini bevosita “Internet resheniya” MChJga taqdim etadi.

Bunday qo‘shimcha ma’lumotlar ro‘yxati Ozon va/yoki “Internet resheniya” MChJ tomonidan har qanday mavjud usulda Mijoz e’tiboriga yetkaziladi va ular tegishli Tovarlar yetkazib berilayotgan mamlakat qonunchiligi talablariga muvofiq Tovarni bojxonada rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lganda so‘raladi.

“Internet resheniya” MChJ bunday ma’lumotlarni, shu jumladan ularni Sotuvchi va/yoki Yetkazib berish xizmatiga uzatishni (tegishli hollarda transchegaraviy) yig‘adi va ularga ishlov beradi. Buyurtmani qabul qiluvchining shaxsiy ma’lumotlarini ushbu band shartlari asosida qayta ishlash Sotuvchi tomonidan Tovarni oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha, shu jumladan Tovarni Buyurtmani qabul qiluvchiga yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni ta’minlash, shuningdek Sotuvchi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan majburiyatlarini bajarish davrida Tovarning bojxona rasmiylashtiruvini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Mijoz, shuningdek, Buyurtmani qabul qiluvchi ma’lumotlari ushbu band shartlari asosida uzatilishidan oldin, “Internet resheniya” MChJ Tovar bojxona rasmiylashtiruvi bosqichida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldini olish uchun bunday ma’lumotlarni tasdiqlash (tekshirish) huquqiga ega ekanligiga rozilik bildiradi.

5. Tovarni qaytarish

5.1. Umumiy qaytarish shartlari

5.1.1. Mijoz tegishli sifatdagi tovarni olgandan so‘ng Sotuvchiga qaytarishi mumkin, muddatlar va shartlar bu yerda belgilangan.

5.1.2. Ishlashi uchun o‘t oluvchi yoqilg‘i (gaz, benzin va h.k.) quyish talab etiladigan tovarlar, faqat yoqilg‘i foydalanish jarayonida saqlanadigan rezervuar yoki ballondan to‘liq chiqarib olingan taqdirdagina qaytarish uchun qabul qilinadi.

5.1.3. Agar Tovarni qaytarish yoki almashtirish Sotuvchi yoki Yetkazib berish xizmati ishtirokida amalga oshirilsa, Ozon ularga Tovarni qaytarish yoki almashtirishni tashkil etish uchun Mijozning yoki Buyurtma qabul qiluvchisining aloqa ma’lumotlarini taqdim etadi.

5.2. Tegishli sifatdagi Tovarni qaytarish yoki almashtirish

5.2.1. Tegishli sifatdagi Tovarni qaytarish yoki almashtirish, agar ko‘rsatilgan Tovar ishlatilmagan, uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xususiyatlari, plombalari, zavod yorliqlari va h.k. saqlangan bo‘lsa, shuningdek, ko‘rsatilgan Tovarning Saytda sotib olinganligi fakti va shartlari tasdiqlansa, amalga oshiriladi.

Tovardan foydalanilganligi belgilari aniqlangan taqdirda, Ozon yoki sotuvchi ushbu asosga ko‘ra pul mablag‘larni qaytarishni rad etish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

5.2.2. Ayrim toifalardagi tegishli sifatli tovarlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi.

Batafsil bu yerda.

5.3. Tegishli sifatga ega bo‘lmagan tovarlarni qaytarish

5.3.1. Mijoz tomonidan tegishli sifatga ega bo‘lmagan Tovar qaytarilganda, sotuvchi unga qaytarilgan Tovar qiymatini, shuningdek, Mijozdan qaytarilgan Tovarni yetkazib berish xarajatlarini, tovarning nuqsoni ishlab chiqarish nuqsoni ekanligi va u foydalanish jarayonida yuzaga kelmaganligi sharti bilan, Sotuvchi tegishli sifatga ega bo‘lmagan Tovarni olgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmay qaytaradi.

Agar Mijozning Buyurtmasida tegishli sifatdagi boshqa tovarlar mavjud bo‘lsa, yetkazib berish haqi qoplanmaydi.

5.3.2. Nuqson aniqlanganda, Mijoz Tovarni ishlab chiqaruvchiga, Ozonga yoki Sotuvchiga qaytarishi mumkin. Tovarni qaytarishni rasmiylashtirish uchun Ozon o‘z xohishiga ko‘ra qonunchilik talablarini inobatga olgan holda, kafolat talonining (mavjud bo‘lsa) va/yoki servis markazi dalolatnomasi (xulosasi) asl nusxalarini talab qilishi mumkin.

5.3.3. Tegishli sifatga ega bo‘lmagan Tovarlarni qaytarish usullari va tartibi haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan qarang.

5.4. Assortiment to‘g‘risidagi shartlarni buzish (qayta saralash)

5.4.1. Tovar assortiment to‘g‘risidagi shartlar buzilgan holda topshirilganda, O‘zbekiston Respublikasi FKning 401-moddasi qoidalari qo‘llanilmaydi. Qayta saralash aniqlanganda, Mijoz quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

(a) ortiqcha Tovardan voz kechish va uni Buyurtmada nazarda tutilgan assortimentdagi Tovarga almashtirishni yoxud haqiqatda topshirilmagan Tovar uchun to‘langan pul mablag‘larini qaytarishni talab qilish.

Bunda Tovar Ozon’ga yoki Sotuvchiga qaytarilishi lozim (Sotuvchi imkoniyatlari bilan yetkazib berilganda).

(b) Tovarni qabul qilib olish, Ozon esa Mijozdan uning uchun to‘lovni Tovar topshirilgan paytda Sotuvchi tomonidan Saytda belgilangan narx bo‘yicha (shu jumladan sud tartibida) talab qilishga haqli.

Agar haqiqatda topshirilgan Tovar u topshirilgan paytda Saytda ko‘rsatilgan assortimentda mavjud bo‘lmasa, ushbu Tovar uchun Ozon bilan kelishilgan narxda haq to‘lanadi.

5.5. Miqdor to‘g‘risidagi shartlarni buzish

5.5.1. Buyurtma topshirilayotganda Mijoz tomonidan Buyurtmadagi Tovar miqdori bo‘yicha tafovutlar aniqlangan taqdirda, Mijoz zudlik bilan bu haqda Ozon yoki Sotuvchiga xabar berishi lozim.

Mijoz tomonidan Ozon yoki Sotuvchini xabardor qilish sharti buzilgan taqdirda, ular topshirilgan Tovarning miqdori bo‘yicha Mijozning shikoyatlarini qanoatlantirishni rad etish huquqiga ega.

5.5.2. Agar Mijoz Buyurtmada belgilanganidan kam miqdorda Tovar olgan bo‘lsa (kamomad), u Buyurtmani topshirish vaqtida Tovarni Buyurtmaga mos keladigan qismini qabul qilishga va yetishmayotgan miqdordagi Tovarni topshirishni talab qilishga yoxud, agar yetishmayotgan Tovar uchun haq to‘langan bo‘lsa, Buyurtmaning yetishmayotgan Tovar qismidan voz kechib, yetishmayotgan Tovar uchun pul mablag‘larini qaytarishni talab qilishga haqli.

5.5.3. Yetishmayotgan Tovarni topshirish yangi Buyurtmani rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi. Agar Tovar narxi oshgan bo‘lsa, yangi Buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin Ozon yoki sotuvchi bilan bog‘lanish lozim.

Agar yetishmayotgan Tovar avval Mijoz tomonidan to‘lanmagan bo‘lsa yoki uning qiymati bank kartasiga qaytarilgan bo‘lsa, Tovar yangi Buyurtmani rasmiylashtirishda mavjud har qanday usul bilan to‘lanishi mumkin.

Agar yetishmayotgan Tovarni topshirish imkonsiz bo‘lsa, Ozon yoki sotuvchi bu haqda Mijozni xabardor qiladi.

5.6. Mijozning talablarini bajarish

5.6.1. Tegishli sifatdagi Tovarni almashtirish yoki tegishli sifatga ega bo‘lmagan Tovarni almashtirish Tovarni Ozon’ga qaytarish, so‘ngra Buyurtma yoki Tovarni bekor qilish va yangi Buyurtma rasmiylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bunda bekor qilish texnik harakat hisoblanib, Sotuvchining shartnomani bajarishdan bosh tortganini anglatmaydi.

Pul mablag‘lari Mijozga to‘liq hajmda qaytariladi. Agar Mijoz murojaat qilgan vaqtda sotuvchida shunga o‘xshash Tovar sotuvda bo‘lmasa, Mijoz oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan voz kechishga va ko‘rsatilgan Tovar uchun to‘langan pul mablagʻlarini qaytarishni talab qilishga haqlidir.

Sotuvchi qaytarilgan Tovar uchun pul mablagʻlarini qonun bilan belgilangan muddatda qaytaradi.

5.7. Aksiya bo‘yicha Tovarlarni qaytarish

5.7.1. Aksiya doirasida tovarlardan biriga yoki toʻplamdagi barcha tovarlarga chegirma taqdim etilgan Tovarlar toʻplamini xarid qilinganda, sifatli yoki tegishli bo‘lmagan sifatdagi Tovarlar faqat to‘plam tarkibida qaytarilishi mumkin.

Agar aksiya o‘tkazish qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘plamdan ayrim tovarlarni qaytarib bo‘lmaydi.

5.8. Pul mablag‘larini qaytarish

5.8.1. Qaytarilgan yoki aslida yetkazilmagan Tovarlar uchun pul mablag‘larini qaytarish Ozon tomonidan Buyurtmaning to‘lov usuliga qarab, bu yerda ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq usullardan biri bilan qaytariladi.

6. Boshqa shartlar

6.1. Intellektual mulk

6.1.1. Saytda joylashgan barcha matnli ma’lumotlar va grafik tasvirlar Ozon, Sotuvchilar va/yoki ularning kontragentlarining mulki hisoblanadi.

6.2. Kafolatlar va javobgarlik

6.2.1. Ozon va Sotuvchi Saytda buyurtma qilingan Tovarlarni noto‘g‘ri ishlatish natijasida Mijozga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.

6.2.2. Ozon tashqi saytlarning tarkibi va ishlashi uchun javobgar bo‘lmaydi.

6.2.3. Ozon uning Mijoz bilan munosabatlaridan kelib chiqadigan o‘z huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxslarga berish yoki boshqa har qanday usul bilan o‘tkazish huquqiga ega.

6.2.4. Ozon Mijozning telefon raqami boshqa shaxsning mulkiga o‘tishi, jumladan, Mijoz bunday telefon raqamidan uzoq vaqt (3 oydan ortiq) foydalanmaganligi natijasida ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlar uchun Ozon javobgar bo‘lmaydi.

6.2.5. Verifikatsiya vaqtida Mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning aniqligi va to‘g‘riligi uchun Ozon javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.

6.2.6. Sotuvchilar texnik jihatdan Mijozlarga tashqi resurslar va veb-xizmatlarga havolalar yuborish imkoniyatiga ega. Ozon ushbu veb-xizmatlarning egasi emas va ularda joylashtirilgan materiallar yoki tashqi kompaniyalarning siyosati uchun javobgar bo‘lmaydi.

Ozon hech qanday tarzda bunday resurslarni nazorat qilmaydi va bunday saytlardan foydalanish va uchinchi shaxslarning harakatlari natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar yoki zararlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.

6.2.7. Mijoz quyidagilarni kafolatlaydi:

  • Shartnoma tuzishda Mijoz Sotuvchi va/yoki Ozon O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 387-moddasi 2-qismiga muvofiq Mijozning soliq agenti sifatida faoliyat yuritmasligiga rozilik beradi.

  • Saytda Tovarlar xarid qilganligi munosabati bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan soliq majburiyatlarini bajarish uchun mustaqil ravishda javobgar bo‘ladi.

  • Tovar uchinchi shaxslarga qayta sotish uchun emas, balki faqat shaxsiy foydalanish uchun xarid qilinadi va faqat fuqarolik maqsadlarida qo‘llaniladi.

  • Tovar quyidagilar bilan bog‘liq har qanday faoliyat uchun ishlatilmaydi:

    • yadroviy portlovchi qurilmalarni yaratish yoki yadroviy yoqilg‘i sikli doirasidagi faoliyat,

    • kimyoviy yoki biologik qurollarni tayyorlash, ishlab chiqarish yoki ta’mirlash,

    qurol yoki harbiy texnika ishlab chiqarish yoki ta’mirlash,

    • kimyoviy yoki biologik qurollarni tayyorlash, ishlab chiqarish yoki ta’mirlash.
  • Tovar amaldagi milliy va xalqaro eksport nazorati qoidalariga bo‘ysunadigan hech qanday hududda ishlatilmaydi.

6.3. Shaxsiy ma’lumotlar

6.3.1. Ozon Mijozning shaxsiy ma’lumotlarini ushbu Shartlarni bajarish maqsadida qayta ishlaydi.

6.3.2. Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda Ozon Mijozning shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlaydi, shuningdek, Mijozning shaxsiy ma’lumotlarini ularga noqonuniy yoki tasodifiy kirishdan, yo‘q qilish, o‘zgartirish, bloklash, nusxalash, taqdim etish, tarqatishdan, shuningdek, Mijozning shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan boshqa noqonuniy harakatlardan himoya qilish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko‘radi.

6.3.3. Shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi va himoyasi haqida batafsil maʼlumotlar bu yerda taqdim etilgan.

6.4. Saytdagi sharhlarni nashr qilish shartlari

6.4.1. Sharhlarni faqat Buyurtmani rasmiylashtirgan va qabul qilib olgan Mijozlargina qoldirishi mumkin.

6.4.2. Sharhlarni nashr qilish qoidalari bu yerda ko‘rsatilgan.

6.5. Kommunikatsiya va boshqa shartlar

6.5.1. Ozon yoki sotuvchi Mijozga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga va/yoki shaxsiy kabinetining “Bildirishnomalar” yoxud “Xabarlar” bo‘limlariga bildirishnomalar va xabarlar yuboradi.

6.5.2. Savollar yuzaga kelgan taqdirda, Mijoz Shaxsiy kabinetdagi Ozon yoki Sotuvchi bilan chat orqali murojaat qilishi lozim.

Shikoyat yuzaga kelgan taqdirda, Mijoz uni pochta orqali topshirilganligi haqida bildirishnoma ilova qilingan buyurtma xat bilan quyidagi manzilga yuborishi kerak: 123112, Moskva sh. Presnenskaya nab., 10-uy, 1-bino, 41-qavat. 6-xona.

6.5.3. Kuryerlik yetkazib berish bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun Mijoz Shaxsiy kabinetdagi kuryer bilan chatga yozishi yoki qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Buyurtma kuryerga topshirilgandan so‘ng kuryerning aloqa ma’lumotlari Shaxsiy kabinetdagi Buyurtma sahifasida paydo bo‘ladi.

6.5.4. Ozon yoki Sotuvchining Mijoz murojaatlari va shikoyatlariga bergan javoblari, agar ular Shaxsiy kabinetga, Mijoz ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatgan elektron pochta manziliga yoki (Mijozning shunday ko‘rsatmasi mavjud bo‘lganda) yozma shaklda Mijozning pochta manziliga yuborilgan bo‘lsa, tegishli shaklda yuborilgan deb tan olinadi.

6.5.5. Mazkur Shartlar bilan tartibga solinmagan va ularga zid kelmaydigan qismida Ozon va Mijoz o‘rtasidagi munosabatlarga Ozon IDdan foydalanish shartlari qo‘llaniladi.

Ozon IDdan foydalanish shartlari mazkur Shartlarning ajralmas qismini tashkil etadi.

6.5.6. Tomonlar yuzaga keladigan barcha nizolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qiladilar, kelishuvga erishilmagan taqdirda, nizo O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqish uchun sud organiga topshiriladi.

6.5.7. Sud tomonidan Shartlar va qoidalarning biror-bir qoidasi haqiqiy emas deb topilishi qolgan qoidalarning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.

7. Ozon va Sotuvchilar haqida ma’lumot

7.1. Ozon rekvizitlari bu yerda joylashtirilgan.

7.2. Ozon iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq taqdim etishi shart bo‘lgan Sotuvchilar haqidagi ma’lumotlar Saytda Sotuvchining nomi yonida “i” belgisi ostida joylashtirilgan.

Tushunchalar

Shartlarda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:

Mablag‘lar balansi (Balans) — Mijozning Shaxsiy kabinetidagi bo‘lim bo‘lib, unda Mijoz tomonidan avvalroq to‘langan Buyurtma yoki Tovar bekor qilingan taqdirda, shuningdek, boshqa shunga o‘xshash hollarda unga qaytarilishi kerak bo‘lgan qarz miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi.

Balansda ko‘rsatilgan qarz miqdori Mijozning keyingi Buyurtmalari uchun to‘lov sifatida ishlatilishi yoki havolada ko‘rsatilgan tartibda Mijozga qaytarilishi kerak.

Balans bank hisob raqami hisoblanmaydi va u faqat Mijozni xabardor qilish maqsadi uchun mo‘ljallangan.

Verifikatsiya — muayyan telefon raqamining haqiqiyligini va aniq bir jismoniy shaxsga tegishliligini aniqlash imkonini beruvchi jarayon. Uning natijasida Mijozga muayyan ID beriladi va tasdiqlangan telefon raqamiga bog‘langan Shaxsiy kabinet yaratiladi, shuningdek, Shaxsiy kabinetga kirish imkoniyati taqdim etiladi.

Buyurtma — Mijozning Tovarni sotib olish va uni o‘zi tanlagan usulda ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berish to‘g‘risidagi so‘rovi.

Mijoz — Saytda Buyurtma beradigan yoxud Tovar yoki xizmat uchun Sertifikat oluvchisi sifatida ko‘rsatilgan, Tovarlardan faqat shaxsiy, oilaviy, ro‘zg‘or ehtiyojlari va tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanadigan to‘liq muomalaga layoqatli jismoniy shaxs.

Shaxsiy kabinet (Akkaunt) — Mijozning Saytdagi Buyurtmalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan shaxsiy sahifasi.

Ozon — Sayt egasi bo‘lgan va Mijoz bilan munosabatlarda boshqa Sotuvchilarning topshirig‘i bilan harakat qiluvchi “OMKOZB” MCHJ XK (STIR 309751214).

Obyekt — EHM uchun dastur.

Huquq egasi — Obyektga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan yoki boshqa qonuniy asoslarda Obyektdan foydalanish huquqini beruvchi va/yoki Mijoz Faollashtirish kodini faollashtirish orqali obuna bo‘ladigan servis ma’muri bo‘lgan shaxs.

Sotuvchi — Tovar sahifasida Sotuvchi sifatida ko‘rsatilgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.

Sayt — uz.ozon.com veb-saytida va/yoki Ozon mobil ilovasida joylashtirilgan, Mijozlarga Tovarlarni tanlash va xarid qilish imkoniyatini beruvchi axborot tizimi.

Yetkazib berish xizmati — Mijoz, Sotuvchi yoki Ozonning topshirig‘i bo‘yicha va ularning nomidan Mijozlarga Buyurtmalarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs.

Tovar — fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan moddiy dunyo obyekti va/yoki Saytda sotishga/Buyurtma berishga taqdim etilgan xizmatlar.

Mundarija

Navigatsiyani yashirish

Navigatsiya ko‘rsatish